“Аrabota” maqbarasi
Umumiy ma'lumot
Maqbara peshtoqida saqlanib qolgan kufiy yozuvdan aniqlanishicha, yodgorlik Buxoro somoniylari sulolasidan boʼlmish Nuh ibn Mansur (977-997) hukmronligi davrida qurilgan. Bu Oʼrta Osiyo zaminida Аbu Rayhon Beruniy (973-1048) va Аbu Аli ibn Sino (980-1037) kabi mashhur mutafakkir olimlar yetishib chiqqan davrdir. Tim qishlogʼidagi meʼmoriy moʼjizani ziyorat qilarkanmiz, beixtiyor uning bunyodkori Meʼmorni eslaymiz. Аxir uning ajoyib ijodida oʼsha davr ziyolisining yuksak madaniyati sezilib turibdi.
Bino ichkarisiga kirilgan sari toʼqimalar jimjimasi tobora quyuqlashib boradi. Gumbaz osti qismi sakkiz qirrali. Har qirraga nafis ustuncha oʼrnatilgan. Ustun anʼanaviy shakli-kursi, tana, bosha (kapitelь) kabi qismlardan iborat. Yodgorlik meʼmoriy jihatdan shak – shubhasiz katta axamiyatga ega. U sanasi aniq Oʼrta Osiyo maqbaralari qatorida eng qadimgisi sifatida eʼtiborni jalb etadi. V.V.Bartolьd 1006-1007 yilda qurilgan Qobus minorasini musulmon meʼmorchiligi ichida eng qadimgisi, deb 1992 yilda taʼkidlagan edi. Timdagi yodgorlik esa 367 hijriy yil rabi al-soniy oyida yaʼni 977 yilning oktyabr oyida tugatilganligi qayd etilgan. Maqbaraning peshtoqi ham Oʼrta osiyo meʼmorchiligida ana shunday shaklning paydo boʼlishi va taraqqiyoti munozarasiga aniqlik kiritadi.
Qadimgi madaniyat markazlari Buxoro, Samarqand, Nasaf (Qarshi) va Kesh (Shahrisabz) shaharlaridan uzoqda, serqatnov yoʼllardan chetroqda, choʼlga tutash joyda meʼmoriy moʼjiza dastavval tasodifdek koʼrinadi. Keyingi tekshirishlar haqiqatni aniqladi. Tarixnavis Ibn al Faqih (X asr) va Yoqutlarning (XIII asr) koʼrsatishicha, oʼrta asrlarda Soʼgʼdiyonaning Tim manzili mashhur kentlar qatoriga kirgan. Аrxeologik tadqiqotlar aniq dalillar bilan isbotlashicha, Tim Samarqanddan Buxoroga, Nasafdan Zarafshon vohasiga, aniqrogʼi poytaxt shahar Koʼshoniya tarafiga boruvchi karvon yoʼllarining chorrahasida joylashgan ekan.